Kontent qismiga oʻtish

Konservatizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
2024-yil 13-sentyabr, 06:46 dagi Laziz Baxtiyorov (munozara | hissa) versiyasi
(farq) ←Avvalgi koʻrinishi | Hozirgi koʻrinishi (farq) | Yangiroq koʻrinishi→ (farq)

Konservatizm — ijtimoiy va madaniy hayotda anʼana va vorislik gʻoyasiga tayanuvchi xilma-xil gʻoyaviy siyosiy va madaniy oqimlar majmui. Tarixda konservatizm turli shakllarda namoyon boʻlgan, lekin, umuman olganda, mavjud va barqaror ijtimoiy tizimlar hamda meʼyorlarga moyillik, inqilob va keskin islohotlarni qabul qilmaslik — konservatizmga xos asosiy xususiyat hisoblangan. Ijtimoiy oʻzgarishlar yuz berayotgan sharoitda konservatizm eski tartiblarni qayta tiklash, boy berilgan mavqelarni asl holiga qaytarish va oʻtmishni ideallashtirishda koʻrinadi. "Konservatizm" termini birinchi bor fransuz adibi F. Shatobrian tomonidan qoʻllangan hamda 18-asr oxirida Buyuk fransuz inqilobi davrida aristokratiya mafkurasini ifodalovchi qarashlar yigʻindisini bildirgan. Kapitalizm qaror topayotgan davrda konservatizm gʻarbda liberalizm va sotsializmga qarshi turgan.[1]

Sivilizatsiyalarga qarab konservatizmning aynan qaysi qadriyatlarni saqlab qolishi farq qiladi, masalan, g’arb olami cheklangan hokimiyat, xristian an’analarini asrab qolishga harakat qilishsa, Hindistonda kasta tizimini, sharqiy osiyoda kattalarga hurmat, kollektivlikka urg’u beriladi, islomiy sivilizatsiyada esa kuchli ijtimoiy tartib, ota-onaga hurmat, jinslar rollarini saqlashga urg’u berishadi. An’anaviy oilalarni, mahalliy dinni  saqlab qolish, bir-jinslilar nikohiga qarshilik barcha konservativlarga xos g’oyalar.

Tarixan oʻng qanot siyosati bilan bogʻliq boʻlgan bu atama oʻshandan beri keng koʻlamli qarashlarni tasvirlash uchun qoʻllangan. Konservatizm deb qaraladigan yagona siyosat toʻplami yoʻq, chunki konservatizmning maʼnosi maʼlum bir joyda va vaqtda anʼanaviy deb hisoblanadigan narsaga bogʻliq.  Konservativ tafakkur mavjud urf-odatlar va milliy madaniyatlarga moslashgani uchun ancha xilma-xil boʻlgan. Masalan, baʼzi konservatorlar hukumatning iqtisodga koʻproq aralashuvini, boshqalari esa erkin bozor iqtisodiy tizimini qoʻllab-quvvatlagan. Shunday qilib, dunyoning turli burchaklaridan kelgan konservatorlar har biri oʻz anʼanalarini qoʻllab-quvvatlagan holda keng koʻlamli masalalarda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. 18-asrda fransuz inqilobiga qarshi chiqqan, ammo Amerika inqilobini qoʻllab-quvvatlagan siyosatchi Edmund Burke 1790-yillarda konservatizmning asosiy nazariyotchilaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil