Oltinsoy tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Surxondaryo viloyati |
Maʼmuriy markazi | Qarluq |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
38°11′48.1″N 67°41′42.0″E / 38.196694°N 67.695000°E |
Oltinsoy tumani – Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1981-yil 23-noyabrda Shoʻrchi va Denov tumani qismlaridan tuzilgan. Viloyatning Denov, Boysun, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,56 ming km². Aholisi 186,9 ming kishi (2023). Tuman markazi – Qorluq qishlogʻi.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oltinsoy tumani Surxondaryoning shimoliy qismidagi serunum tekislikda joylashgan. Yer yuzasi sharqqa tomon pa-sayib boradi. Gʻarbiy chekkalari Kera-gotogʻ etagiga tutashib ketadi. Tuman markazidan Oltinsoy daryosi, shim.dan jan.ga tomon Hazarbogʻ kanali oqib oʻtadi. Relyefi, asosan, tekislik va adirlardan iborat. Balandligi 400-700 m.
Iqlimi quruq, tipik subtropik iklim. Yillik oʻrtacha temperatura 15,9°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 2,6°. Eng past temperatura —25°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 32—33°. eng yuqori temperatura 46°. Yillik yogʻin 240- 260 mm. Vegetatsiya davri 230 kun, Baʼzan kuchli shamollar esadi. Tuproklari oʻtloqi-botqoq, boʻz tuproklar. Yov-voyi oʻsimliklardan shuvoq, shoʻra, yantoq, bodom, pista, togʻ rayhoni, doʻlana, rovoch, alqar va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, jayron, kalamush, qoʻshoyoq, yumronqoziq, koʻrsichqon, jayra, toʻqaylarda toʻqay mushugi, qobon, chiyaboʻri, qushlardan mayna, soʻfitoʻrgʻay, kaklik, qaldirgʻoch, koʻrshapalak, gʻoz, oʻrdak, sudraluvchilardan oʻqilon, gekkon, koʻzoynakli ilon va boshqa bor.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 400 kishi.
Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligi asosan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Qishloq xoʻjaligida bogʻdorchilik asosiy oʻrin tutadi. Ayniqsa, tokchilik rivojlangan. Paxta, don ekinlari, sabzavot, poliz ekinlari ham ekiladi. Sanoat korxo-nalaridan Oltinsoy „Sulton sharbati“ samarali ishlamoqda. „Sulton sharbati“ oilaviy korxonasi 2002-yilda tashkil topgan. Bir yilda 800 ming dekolitr vino ishlab chiqariladi. „Sulton“, „Muskat“, „Kagor“ navlari mashhur. Oltinsoy tumanida 6 qoʻshma korxona, 1 yirik sanoat korxonasi, 200 ga yaqin sanoat korxonasi va 914 kichik va xususiy korxona bor.
2022-yilda qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 12,4 ming ga, shu jumladan, 4,1 ming ga yerga paxta, 4,2 ming ga yerga don ekinlari, 578 ga yerga sabzavot, 90 ga yerga poliz ekinlari ekiladi, 864 ga bogʻlar, 5,5 ming ga tokzorlar bilan band. 705 fermer xoʻjaligi bor.
Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 50211 qoramol, 106486 qoʻy va echki, 983 ot, 122431 parranda boqiladi.
Tumanda 69 umumiy taʼlim maktabi (35350 oʻquvchi), 2 kasb-hunar maktabi (700 talaba), 2 ta musiqa maktablari bor. „Yoriltosh“ havaskor qoʻgʻir-choq teatri, „Qirmizi“ folklor ansambli madaniy xizmat koʻrsatadi. Markaziy kasalxona, kattalar va bolalar poliklinikalari, ishlab turibdi. 50 Stadion, 37 sport zali, futbol, voleybol, basketbol, qoʻl toʻpi maydonlari mavjud 1986-yildan „Xalq va hayot“ (Oltinsoy tongi) tuman gazetasi chiqariladi (adadi 3000).[1]
Oltinsoy tumani Surxondaryo viloyati hududida 1981-yil 23-noyabrda Shoʻrchi va Denov tumanlari asosida tuzilgan. Umumiy yer maydini 563,74 kv. km. Aholisi 186.9 ming kishi (2023). Tuman markazi – Qorluq aholi punkti, Termizdan 140 km shimoliy-sharqda joylashgan. Yaqin temir yoʻli bekatigacha (Shoʻrchi razezdi) 23 km. 54 ta mahalla, 14 shaharcha va 67 ta aholi punkti bor. Oltinsoy Surxondaryoning shimoliy qismida serunum tekislikda joylashgan. Yer yuzasi sharqqa tomon pasayib boradi. Gʻarbiy chegaralari „Keragatogʻ“ etagiga tutashib ketadi. Tuman markazidan Oltinsoy daryosi, shimoldan janubga qarab „Xazarbogʻ“ kanali oqib oʻtadi.
Qishloq xoʻjaligida bogʻdorchilik asosiy oʻrin tutadi. Ayniqsa, uzumchilik rivojlangan. Bundan tashqari paxta, don ekinlar, sabzavot, poliz ekinlari xam ekiladi. Yaylovlarida qoramol, qoʻy, echki boqiladi. Oltinsoyda bir qancha tarixiy joylar bor. Bulardan eng yiriklari: Degreztepa, Munchoqtepa, Qiziltepa, Qoratepa, Taragʻytepa, Jiyanbobo va boshqalar.
Qoratepa
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu qoʻrgʻon 1971-yilda aniqlangan. 1976-yilda tekshirib koʻrilgan. Qoldigʻi toʻgʻri burchak shaklida boʻlib, shimoli – gʻarbdan janubiy-sharqqa choʻzilgan. Oʻlchami: 190x130 m. Shimoli – gʻarbida toʻgʻri burchak tarihida qalʼa boʻlgan. Qalʼa asosiy qismining balandligi 4 metr. Qalʼaning sharq tomonida qadimgi qabriston Bor. Undan uzunligi 2 metrdan ziyod silindr shaklidagi sopol sarkofag topilgan. Uning ichidan gavda suyagi, dafn buyumlari, jumladan, jez taqinchoqlar chiqdi. Kushon davriga oid sopol parchalari vetchina topilgan.
Taragʻaytepa
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oltinsoy daryosining oʻng sohilidagi 1-4 – asrga doir turarjoy – shaharcha. 1968,1982-yillarda tekshirilgan. Kvadrat shaklda (50x50) qalʼasi boʻlib, burchaklarida doira shaklidagi burjlar bor, ularning balandligi 8 metrga etadi. Qarorgohning yuqori qismidan kushon podsholaridan Vasudevaya va Kanishka III davriga oid tangalar, bakteriyalik jangchining boshi, qizil angob bilan sirlangan sopol parchalari topilgan.
Oltinsoy hududida Muqaddas qadamjolar koʻp Ulug "kishilar, Aziz-avliyolar yashab oʻtgan. Hususan, tasavvuf ilmining pirlaridan boʻlgan Soʻfi Olloyor, Hoʻjaipok Ota, Said ibn Vaqqos, Movlono Zohid Xalifa Bobo kabi benazir insonlarning tabarruk xoklari shu yerda. Tumandagi koʻp qishloqlarning nomlanish tarixi Xoʻjaipok (Xoʻjai Xizr) nomi, u kishining tabbaruk lutflari, xatti – harakatlari va koʻrsatgan karomatlari bilan bogʻlangan. Xoʻjaipok otaning asl ismlari Abduraxmon Avf ibn Abu al – Qurayshiy oʻz xalifalari bilan Turkistonga kelib, bu yerda Islom dinining yoyilishiga Juda katta hissa qoʻshganlar. Aytishlaricha, islomdan avvalgi johiliyat zamonida u zotning ismi Abdulkaʼba ekan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam u kishiga Abdurahmon deb ism qoʻyganlar. Abduraxmon ibn Avf paygʻambarimizning yaqin sahobalaridan boʻlgan va hadisshunos olimlarga koʻpgina hadislar aytganlar. Ehtimol, ISO Termiziy, Imom Buxoriy hadislarida u kishining xizmatlari bordir.
Xoʻjaipok Ota ziyoratgohidagi oltingugurt suvi shifobaxshdir. Bu-suv oshqozon – ichak, jigar, yurak, Teri kasalliklarini davolashda Juda foydalidir. Ayniqsa paytda shu hududda 180 oʻrinli Xoʻjaipok davolanish sanatoriy maskani mavjud.
Said isn Vaqqos hazrati paygʻambarimizning Ulugʻ sahobalaridan birlaridir. Bu kishi Xoʻjasoat qishlogʻini maskan tutgan. Said ibn Vaqqosning hunar oʻrganish va sanʼatga ixlosi juda baland boʻlgan. Bundan tashqari u zot oʻta mehnatkash boʻlib, xurmozor bogʻlar yaratgan, baland koʻrkam imoratlar qurdirgan. Xoʻjasoatdagi u kishining maqbaralari katta ziyoratgohga aylangan.
Soʻfi Olloyor masjidi
[tahrir | manbasini tahrirlash]"Katta Vaxshivor" jamoa xoʻjaligi hududida Soʻfi Olloyor jome masjidi joylashgan. Bu-masjid 17-asr tasavvuf ilmining bilimdoni va shoir Soʻfi Olloyor Buxorodagi Joʻybor shayxlari dargohida taʼlim olgandan soʻng murid ovlab Vaxshivorga kelgan va bu qishloqni maskan tutgan. Uning „Murod ul-orifin“ („Donolar maqsadi“), „Tuhfat ul-tolibin“ („Toliblar sovgʻasi“), „Maslak ul-muttaqin“ („Ishonchli maslak“) Kabi kitoblari xalq orasida ommalashgan. Soʻfi Olloyor (1644, Kattaqoʻrgʻon bekligi Minglar qishlogʻi – 1724, Oltinsoy) – tariqat arbobi va mutasavvuf shoir. Shayxlar maktabi va Buxorodagi joʻybor shayxlari dargohida taʼlim olgan. Oʻz davrining barcha asosiy ilmlarini egallagan, arab va fors tillarini oʻrgangan. Buxoro xoni Abdulazizxon tomonidan boj mahkamasiga toʻra etib tayinlangan. Darveshona feʼl, shoirona koʻngil sohibi boʻlgan Soʻfi Olloyor bu lavozimdan tezda isteʼfo berib, oʻz davrining mashhur shayxi Navroʻzga shogird tushgan, tariqat talablarini bajarib, shayxlik martabasiga koʻtarilgan, valiulloh (karomat sohibi) boʻlib yetishgan. Turkiy va forsiy tillarida ijod qilgan Soʻfi Olloyor ijodining asosiy yoʻnalishi islom maʼrifatini keng xalq orasiga yoyish va tasavvufning insoniy kamolot bilan bogʻliq gʻoyalarini targʻibt-ashviq qilishdan iborat. U „Maslak ul-muttaqin“ („Taqvodorlar maslagi“), „Murod ul-orifin“ („Oriflar murodi“), „Mahzan ul-muteʼin“ („Itoatkorlar xazinasi“) asarlarini forsiy, „Sabot ul-ojizin“ („Ojizlar saboti“), „Favz un-najot“ („Najot tantanasi“) masnaviylarini turkiy tilda yaratgan. Forsiy va turkiyda bitilgan boshqa sheʼrlari ham mavjud. „Mevalar munozarasi“ nomli manzuma ham unga nisbat beriladi. Soʻfi Olloyorning shoh asari „Maslak ul-muttaqin“ boʻlib, 12 ming bayt, 135 ta katta-kichik bobdan iborat. Ilohiy maʼrifatning badiiy talqiniga bagʻishlangan bu asar el orasida shuxrat tutganidan soʻng doʻstu yaqinlari undan turkiy tilda ham shunday bir kitob yozishni iltimos kiladilar. Bunta javoban u „Maslak ul-muttaqin“ni birmuncha qisqartirib, oʻzbek tilida nazmda bitgan va unga „Sabot ul-ojizin“ deb nom bergan. Oʻzbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasi boʻlmish ushbu asarda tasavvuf taʼlimotining maʼnaviy-axloqiy masalalarini keng yoritish bilan u turkiy tasavvuf adabiyoti rivojiga katga hissa koʻshgan. Asarlarida islom ahkomlari, tariqat talablari, insoniy komillik shartlarini birma-bir taʼriflab bergan. Axloqiy-taʼlimiy ahamiyati jihatidan, xususan, „Maslak ul-muttaqin“ va „Sabot ul-ojizin“ asarlari maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida oʻqitilib kelgan. Uning diniy-tasavvufiy ruhdagi pandu hikmatga yoʻgʻrilgan asarlari nafaqat Turkiston, balki Qashqardan tortib Etel (Volga), Yoyiq (Ural) daryolari vohalari, Hojitarxon (Astraxan), Bulgʻor, Orenburg va boshqa mintaqalarda yashovchi xalqlar orasida ham keng tarqalgan. Ular koʻp nusxalarda koʻchirilgan. 19-asrning oxirlariga kelib esa Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yoʻli bilan bir necha marta bosilib chiqqan. Soʻfi Olloyor asarlari koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilingan, ularga bagʻishlab sharhlar yozilgan, lugʻatlar tuzilib, u qoʻllagan tasavvufiy istiloh-timsollar keng sharhlangan. Soʻfi Olloyor masjidi 1713-yilda qurilgan. Masjidning umumiy hajmi 14,0 x16, 2 m Xonaqoh (11,1 x9, 7), ikki tomoni ayvon va qoʻshimcha xonalardan tashkil topgan. Xonaqoh va ayvon tomi toʻsin bilan yopilgan. Sinchli paxsadan qurilgan. Shimoliy – sharqiy tomoni hashatli boʻlib, mehrobsimon ravoqlar ishlangan. Eshiklar tepasidagi tabadonlar ganchkori panjaralar bilan bezatilgan. Xonaqohdagi mehrob ravoqi ancha chuqur boʻlib uning ikki tomonidagi toʻrt ravoqqa boʻrtma chiziqlar tortilgan. Bunday bezaklar janubiy – gʻarbiy ayvon devorida xam bor. Ayvondagi 7- va honaqohdagi 6-ustun oʻyma va rangli naqshlar bilan bezatilgan. 1961-yildagi tamir davrida ustunlari va deraza panjaralari qayta ishlangan. Masjid shiftlarida, ustunlarida Tojik va Oʻzbek tillarida turli zamonlarda har hil maʼrifatli kishilar qoʻli bilan bitilgan dasthatlar bor. Masjid hovlisida Soʻfi Olloyor davrida ekilgan tut koʻkarib turibdi. Katta Vahshivor mozorida Soʻfi Olloyorning qabri aynan Qaysi ekanligi hammaga xam maʼlum emas. Bu odamlardan sir tutilgan. Soʻfi Olloyorning avlodi boʻlmish Muzaffarhon Umarov Hozirgi paytda katta Vaxshivor qishlogʻida yashaydi.
Oltinsoy „BEST-VEG“ qoshma korxonasi (sobiq meva quritish zavodi)
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zavod 1992-yilda ishga tushirilgan. Zavod asbob-uskunalari Italiyaning „Sandvig“ firmasidan olib kelingan. Bir soatda 2,5 tonna xom ashyoni quritish quvvatiga ega. Bir yilda esa 4850 tonna hoʻl mevani quritadi, 500 tonna tayor mahsulot chiqaradi.
Tuman markazida 150 oʻrinli 3 qavatli zamonaviy tipda qurilgan shifoxona bemorlarga xizmat koʻrsatmoqda. 200 bemorni qabul qilishga moʻljallangan kattalar, 150 bemorni moʻljallangan bolalar poliklinikasi, tumanlararo travmatologiya va ortopediya markazi ishlab turibdi.
Tumanda mehnatkashlarga „Lola“ ashula – raqs xalq ansambli, „Yoriltosh“ havaskorlik qoʻgʻirchoq teatri madaniy xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Gulandom Togʻaeyva, Qoʻchqor Norqobil singari iqtidorli shoirlar ijodiy uchqunni Oltinsoy bagʻridan olishgan.
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |