Émile Zola
Émile Zola | |
---|---|
Tavalludi | 2-aprel 1840[1] |
Vafoti | 29-sentyabr 1902[1] |
Fuqaroligi | Fransiya[2] |
Otasi | Francesco Zola |
Onasi | Émilie Aubert |
ZOLYA (Zola) Emil (1840.2.4 – Parij – 1902.29.9) – fransuz yozuvchisi. Ilk ijodi romantizm ruhida: „Ninon ertaklari“ (1864), „Klodning tavbasi“ (1865), „Marhumning vasiyati“ (1866) va b. 60-yilllarda naturalistik ruxdagi „Oʻliklar vasiyati“ (1866), „Tereza Raken“ (1867), „Madlen Fera“ (1868) kabi romanlar yozdi. „Rugon-Makkarlar“ 20 jildli romanlar turkumida (187193) Napoleon davridagi siyosiy tuzum qoralangan („Rugonlarning ulgʻayishi“, 1871; „Tor-mor“, 1893), jamiyatdagi moliyaviy hiyla-nayranglar fosh etilgan („Oʻlja“, 1872; „Pul“, 1891), kiborlarning axloqsizligi koʻrsatilgan („Nana“, 1880), amalparast, maʼnaviy qashshoq kimsalar kalaka qilingan („Parij qurtlari“, 1873), nasroniylarning teskarichilik harakatlari fosh etilgan („Plassanning zabt etilishi“, 1874). Bir qator romanlarida oddiy mehnatkashlarning oliyjanob timsollarini yorqin boʻyoqlarda tasvirlagan. Xususan, „Qopqon“ (1877) romanida kosib va hunarmandlar hayoti, „Hamal“ (1885) romanida esa ishchilarning turmush tarzi aks ettirilgan. „Tereza Raken“ (1873-yilda sahnalashtirilgan) dramasi va „Rauberden vorislari“ komediyasi yozuvchining eng yaxshi sahna asarlaridir. 3. ijodida ijtimoiy mavzular ustuvor mavqega ega. „Uch shahar“ trilogiyasi („Lurd“, 1894; „Rim“, 1896; „Parij“, 1898), tugallanmay qolgan „Toʻrt injil“ tetralogiyasi („Hosildorlik“, 1899; „Mehnat“, 1901; „Haqiqat“, 1903) bunga misol boʻladi. U ijtimoiy hayotga ham faol aralashgan va 19-asr oxirlarida Fransiyada juda katta shov-shuvga sabab boʻlgan „Dreyfus ishi“ (boshqa millat vakilining soxta ayb bilan qamalishiga qarshi) boʻyicha Fransiya Respublikasi Prezidentiga „Men qoralayman!“ (1898) nomli ochiq xat bilan murojaat qilgan. Respublika hukumati 1898-yil 23 fevralda yozuvchini qamash haqida hukm chiqaradi. U chet elga qochadi (1899-yilda Vataniga qaytadi). Zolya butun umr xalqi uchun teatr yaratishni orzu qilgan edi. „Fransiyaning olgʻa yurishi“ turkumidagi dramalarida inqilobiy shior ostida mustabidlik ruhini yashirgan uchinchi respublikaga qarshi kurashni davom ettirishni maqsad qilgan edi. Lekin bu maqsadini amalga oshirolmadi. Uning romanlarida garchi qaltis ijtimoiy ziddiyatlar tasvirlangan boʻlsa ham, u maʼlum siyosiy tuzumga dastyorlik qilishni or deb bilgan. U har doim oʻzi tanlagan tamoyilga – haqqoniyat ta-moyiliga sodiq qoladi. Uning romanlarini oʻqib butun bir davr haqida tasavvurga ega boʻlish mumkin. Uning „Hikoyalar“ (1937), „Tegirmon qamali“ (1942) va „Hamal“ (1981, tarjimon Xayrulla Ergashev) asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan.
Manbalar
[edit | edit source]- ↑ 1,0 1,1 (unspecified title)
- ↑ (unspecified title)
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |