Panjara
Panjara — meʼmoriy boʻlak; kataksimon toʻqima shakl, toʻsiq. Binolarning eshik, darcha, tuynuk, zinapoyalarida, ayvonlarda toʻsiq va ayni paytda bezak vazifasini oʻtaydi. Turar joy, bogʻlarda, koʻchalarda, uyroʻzgʻor buyumlarida, amaliy sanʼat va hunarmandlik buyumlarida ham bezak sifatida foydalaniladi. Panjara yogʻoch taxtachalarni, gʻishtni qalab, ganch va metallni quyib va oʻyib, toshni qalab va oʻyib oʻsimliksimon, handasiy shakl hosil qilib tayyorlanadi. Sodda va murakkab turlari bor. Panjara tayyorlash usuli panjaraning xom ashyosiga, vazifasiga, oʻrni, ustaning malakasi va mahoratiga bogʻliq. Panjaraning keng Tapkalgan turi yogʻoch panjara uchun oldin rom tayyorlanib, chizma boʻyicha hozirlangan taxtachalar uning ichiga qalabyigʻib chiqiladi (yogʻoch boʻlaklarining porsi qilingan, tish chiqarilgan joylari birbiriga bolgʻacha bilan urib jipslashtiriladi). Bu ustadan koʻp mehnat, ma-horat, aniqlik talab qiladi. Taxtani parma va iskana bilan oʻyib ham panjara tayyorlanadi. Ganch panjara ganchning eng yaxshi navidan qolipga quyib yoki tayyor ganch taxtani oʻyib hosil qilinadi, soʻng pardozlanadi. Shakli oldin ganchdan yoki gʻishtdan qalab tayyorlanib, ustiga koshin qoplangan panjara ham bor. Metall Panjaralar kamdankam boʻlib, quyib yoki mis taxtani oʻyib tayyorlangan (hozir koʻpincha choʻyandan quyilib tayyorlanmoqda). Zamonaviy meʼmorlikda metall va beton panjaralar keng qoʻllanadi.
Arxeologik materiallar panjara sanʼati qadimdan mavjudligini, ayniqsa, Sharq mamlakatlarida keng tarqalganligini koʻrsatadi. Tuproqqalʼa (II asr) saroylarida ham xom gʻishtni qalab, Varaxsha (8-asr) binolarida ganchni oʻyib ishlangan panjara qoldiqlari bor, Ismoil Somoniy maqbarasida pishiq gʻishtni qalab panjara hosil qilingan. Temuriylar davrida jozibador ishlangan Panjara namunalari yaratilgan Shohi zinda majmuasi (XIV asr)da mahorat bilan ishlangan yogʻoch panjara va boshqa meʼmoriy yodgorliklarda marmardan ishlangan panjara namunalari saqlangan.
Mir Arab, Abdullaxon (XVI asr Buxoro), Sherdor (XVI asr, Samarqand) madrasalarida rangli koshinlardan mozaika panjaralarining ajoyib namunalari, Sitorai Mohi Xosa majmui (1913), Xivadagi Toshhovli, Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmui, Toshkentdagi Navoiy teatri, Oʻzbekiston tarixi muzeyi, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi, "Koʻk gumbaz" kafe va choyxonasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, "Oʻzbekiston" mehmonxonasi va boshqa binolarda panjaraning jozibador namunalarini koʻrish mumkin[1].
Manbalar
[edit | edit source]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |