Sayohatnoma
Sayohatnoma – badiiy adabiyotdagi sayohat taassurotlari va tafsilotlari tasviriga bagʻishlangan janr. Sayohatnomalarning tarixiy-badiiy qimmati muallif maqsadi, uslubi va mahoratiga bogʻliq boʻladi. Adabiyot tarixida sayohat taassurotlarining nasriy va sheʼriy tasviridan iborat oʻnlab asarlar mavjud. Nasriy sayohatnomalarda joy va voqealarning izchil tafsiloti yetakchi oʻrin tutsa, sheʼriy sayohatnomalarda tasvir ixcham va umumlashgan holatda tasvirlanadi. Nosir Xisrav „Safarnoma“si bu janrning dastlabki namunalaridan biri boʻlib, unda 7 yillik sayohat taassurotlari nasriy tarzda bayon qilingan. Oʻzbek adabiyoti tarixida sheʼriy sayohatnomalar koʻproq uchraydi. Muqimiyning murabba shaklida yozilgan „Sayohatnoma“ asari oʻzining gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari bilan ushbu janrning haqiqiy naʼmunalaridan biri hisoblanadi. Nodimning Samarqand va Toshkentga qilgan safari natijasida yuzaga kelgan sayohatnomasi esa qasida shaklida yozilgan.
Hozirgi davr adiblari va publitsistlarining turli mamlakatlarga qilgan safarlari natijasida ham bir qator nasriy sayohatnomalar yuzaga kelmoqda. Masalan, Oybekning „Pokiston taassurotlari“ asarida sayohatnoma mavzusining kengayganligi, bayon va tasvir shakllarining oʻziga xosligi koʻzga tashlanadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |