Kontent qismiga oʻtish

Agrofizika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Agrofizika, agronomik fizika — oʻsimliklarning hayot sharoitlarini fizik usullar bilan tadqiq etish va ular hayot faoliyatining fizik jarayonlari haqidagi fan. Agrofizika ekinlarining hosildorligi va tezpisharligini oshirish uchun tashqi muhitning fizik xususiyatlarini oʻrganadi va ularni boshqarish usullarini ishlab chiqadi. Agrofizikaning boʻlimlari: tuproq fizikasi (tuproq havosi fizikasi, tuproq gidrofizikasi, tuproqning qattiq qismi fizikasi, issiqlik va boshqalar); havoning yer atrofi qatlami fizikasi (aerodinamik, radiatsion va boshqa koʻrsatgichlar); oʻsimliklar radiobiologiyasi va yorugʻlik fiziologiyasi, shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarining oʻsishi va rivojlanishi uchun qulay tabiiy sharoitlar yaratish maqsadida ekinlarga hamda tashqi muhitga faol taʼsir koʻrsatadigan agrofizik usullar, vositalar. Agrofizika fan sifatida XX asrda shakllangan va hozirgi zamon tabiatshunosligi, ayniqsa, biofizika, shuningdek, elektronika, kibernetika va boshqa fanlarning nazariy yutuqlari negizida rivojlandi, natijada oʻsimliklarning oʻzida va tashqi muhitda sodir boʻladigan 169 jarayonlarni miqdoriy baholash imkoniyatlari yaratildi. Agrofizikani rivojlantirishda K. A. Timiryazev, D. N. Pryanishnikov, N. A. Kachinskiy, A. A. Rode (Rossiya), E. Rassel (Buyuk Britaniya), V. Shou (AQSH) va boshqa katta hissa qoʻshgan. Agrofizik tadqiqotlarda vegetatsion va dala usullari qoʻllanadi, tashqi muhit sharoitlarini oʻrganish uchun aniq oʻlchov asboblari ishlatiladi. Tadqiqot natijalaridan tuproqning suv, havo, issiqlik rejimlarini yaxshilashda, optimal ekish usullari va muddatlarini, tuproqqa ishlov berish, sugʻorish meʼyorlari va boshqalarni belgilashda foydalaniladi. Agrofizika tadqiqotlari xulosalari, ayniqsa, ekinlarning hosildorligini programmalashda va dala ishlari sifa-tini baholashda katta ahamiyatga ega. Fitotron, oranjereya, issiqxonalarda iqlimni boshqarish, tuproq issiqlik ba-lansipi, oʻsimlik transpiratsiyasi, ularga oziq moddalar va suvning shimilishi tezligini oʻlchaydigan asboblar yaratilgan. Agrofizik asboblarni qoʻllash yirik omborxonalarda kartoshka va mevalarni saqlash jarayonlarini avtomatlashtirish, nobudgarchilikni kamaytirish, mahsulot sifatini buzmay saqlash, chiqindilar miqdorini kamaytirish imkoniyatini beradi. Dehqonchilik va oʻsimlikshunoslikning fizik muammolari Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot instituti, Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti, oliy oʻquv yurtlari kafedralarida oʻrganiladi. Abdurahim Ermatov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil