Kontent qismiga oʻtish

Apellyatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Apellyatsiya (lot. appellatio – murojaat qilish; shikoyat qilish; norozilik bildirish) – sud hukmi ustidan shikoyat arizasi berishning bir shakli. Apellyatsiya Fransiya jinoyat-protsessual kodeksiga (1808-yil), jahonning boshqa koʻpchilik davlatlari jinoyat-protsessual qonunlariga kiritilgan. Oʻzbekiston Respublikasida 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan va 1995-yil 1-apreldan amalga kiritilgan Jinoyat-protsessual kodeksida ushbu tartib koʻrsatilmagan, ammo apellyatsiya tartibida ish koʻrishning ayrim aniq masalalariga oid qismlari yangi jinoyat-protsessual kodeksining 490-moddasida nazarda tutilgan qoidaga koʻra, apellyatsiya kassatsiya instansiyasida ish koʻradigan sudda qoʻllanadi. Sud hukmi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish yoʻl qoʻyilgan davlatlarning jinoyat-protsessual qonunida apellyatsiya tushunchasi 2-bosqich sudida jinoyat ishini mazmunan hal qilish uchun yangidan koʻrish mumkinligini bildiradi. apellyatsiya sudi (2-bosqich sudi) hukmning qonuniyligi va asosligini faqat shikoyat (protest)da koʻrsatilgan holatlar boʻyicha tekshiradi. Apellyatsiya sudi ishdagi yozma materiallarga tayanib, oʻz qarorini qabul qiladi. Bu sudda 1-instansiya sudida soʻroq qilingan guvoxlar takroran soʻroq qilinmaydi, dalillarni bevosita va ogʻzaki tekshirish, sud ishlarini yuritishdagi tortishuv, mahkumni himoya huquqi bilan taʼminlash va ishni uzoq muddat davomida koʻrishdek holatlar chegaralanadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil