Kontent qismiga oʻtish

Brilliant qoʻl

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Brilliant qoʻl
ruscha: Бриллиантовая рука
Rejissyor(lar) Leonid Gayday[1]
Rollarda Yuriy Nikulin[2]
Anatoliy Papanov
Andrey Mironov
Distribyutor Mosfilm
Chiqarilgan sanasi 1968-yil
Davomiyligi 98 daqiqa
Mamlakat Sovet Ittifoqi
Ushbu maqolani tinglang (6 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 14-iyul, 2022-yil(2022-07-14) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Briliant qoʻl — 1969-yil 28-aprelda ekranlarga chiqqan detektiv kinokomediya[3]. Sovet Ittifoqining eng mashhur kinokomediyalaridan biri. Filmning oʻzbekcha dublyajiga Oybarchin Bakirova, Laziza Azizzoda, Mahmud Ismoilov va Sanjar Saʼdullayev ovoz berishgan.

Kontrabanda agenti Gesha, yaʼni Gennadiy Petrovich Kozodoyev „Mixail Svetlov“ nomli kemada chet el sayohatiga joʻnab ketadi. Qahramon, „boshliq“ning buyrugʻi bilan Sovet Ittifoqiga oltin va olmoslarni yetkazib berishi kerak. Vazifani bajarish uchun u Istanbulda toʻxtab turganda „Apotheke Chikanuk“ dorixona belgisi ostida joylashgan kontrabanda tovarlarni oʻtkazish nuqtasini topib, oʻzini yiqilgandek koʻrsatishi va „Jin ursin!“ parolini aytishi kerak. Uning kemadagi xonadoshi Semyon Semyonovich Gorbunkov, „Giproriba“ davlat korxonasi katta iqtisodchisi, tasodifan Kozodoyevdan oldin dorixona yonida paydo boʻladi. Yoʻlakda yotgan tarvuz poʻstlogʻini payqamay, sayyoh uning ustiga qadam qoʻyadi, yiqilib, beixtiyor: „Jin ursin!“ deb yuboradi. Bu soʻzlar kontrabandachi-aptekachilar uchun signal edi. Aptekachi Gorbunkovni oʻz xonalaridan biriga kuzatib boradi, tekshiradi va chiqib ketgan qoʻlini qoʻyadi. Semyon Semyonovich ogʻriqdan qisqa vaqt ichida hushini yoʻqotadi. Oʻziga kelib, begonalar uning qoʻliga gips qoʻyib, qatlamlar orasiga zeb-ziynatlarni yashirib qoʻyganini koʻradi. Kemaga qaytib kelgach, Gorbunkov kema kapitanga voqea haqida gapirib beradi. Dengiz portida Semyon Semyonovichni taksi haydovchisi niqobi ostidagi militsiya xodimi Mixail Ivanovich kutib oladi. U qahramonni tajovuzkorlar olishi kerak boʻlgan „tirik nishon“ rolini oʻynashga taklif qiladi va keyingi harakatlar boʻyicha koʻrsatmalar beradi. Bu orada dorixona yaqinida kechikib paydo boʻlgan Geshaga gips ichida yashiringan zeb-ziynatlarni nima qilib boʻlsa-da, olish vazifasi yuklatiladi. Avvaliga Kozodoyev Gorbunkovni baliq ovlashga taklif qiladi va uni tanho joyda qoldirib, sezdirmasdan gipsni olib tashlashga umid qiladi, lekin bu harakat muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Keyin, uning sherigi Lyolik „Oʻyin“ operatsiyasini bajarishga kirishadi, unga koʻra Semyon Semyonovich „Yigʻlayotgan majnuntol“ restoranida „mast qilinishi va qoʻlidagi gips yechilishi“ kerak edi, bu harakat ham muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Nihoyat, fitnachi Anna Sergeevna harakatga keladi — u oddiy iqtisodchini "Atlantik" mehmonxonasiga jalb qiladi va unga uyqu tabletkalarini beradi. Ushbu rejalarning hech biri oʻylab topilgan shaklda amalga oshmaydi — „Brilliant qoʻl“ ga erishish uchun barcha urinishlar Gorbunkovning oldindan aytib boʻlmaydigan reaksiyalari tufayli puchga chiqadi. Qahramon har qanday vaziyatda oʻzini tabiiy tutib, bir vaqtning oʻzida hamkasblari, qoʻshnilari va hushyor uy boshqaruvchisi Varvara Sergeevna Plyushchdan oʻzi bajarayotgan „maxsus vazifa“ haqida sir saqlaydi. Semyon Semyonovich, namunali oila odami boʻlib, vasvasalarga qarshi turadi, lekin uning rafiqasi Nadya bilan munosabatlari murakkablashadi. Erini mehmonxonada begona ayol bilan koʻrgan Nadya bolalari bilan uydan chiqib ketadi. Film davomida soyada boʻlgan „boshliq“ning shaxsi aniqlanadi. Kontrabandachilar guruhi aʼzolari militsiyadan mashinada qochishga urinadi. Havoga koʻtarilgan vertolyot ishtirokidagi taʼqibdan soʻng ularni qoʻlga olish operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlanadi. Gorbunkovlar oilasi yana birlashadi.

  • Yuriy Nikulin — Semyon Semyonovich Gorbunkov
  • Nina Grebeshkova — Gorbunkovning rafiqasi Nadejda Ivanovna
  • Anatoliy Papanov — Lyolik
  • Andrey Mironov — Gennadiy Petrovich Kozodoev (Gesha)
  • Stanislav Chekan — militsiya xodimi Mixail Ivanovich
  • Nonna Mordyukova — uy boshqaruvchisi Varvara Sergeevna Plyushch
  • Svetlana Svetlichnaya — mehmonxonadagi ayol Anna Sergeevna
  • Vladimir Gulyaev — militsiya xodimi Volodya

Film haqida faktlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Film aslida „Kontrabandistlar“ deb atalishi moʻljallangandi. Ssenariy mualliflari Kostyukovskiy va Slobodskiylar „Brilliant qoʻl“ asosiy qahramoni obrazini aynan Yuriy Nikulinga moslashtirib yozishgan. Mironov ijro etgan rol aslida Georgiy Vitsinga nasib etishi mumkin edi. Biroq badiy kengash „Avvalgi qahramonlariga oʻxshab ketyapti“ degan taʼriflardan soʻng, bu rol Vitsinga nasib etmadi. Filmda bosh qahramonning xotini „sen juda ishonuvchansan“ deb koʻp bora takrorlayveradi. Bu soʻzlar ssenariyda yoʻq edi. Uni hayotda xotinidan deyarli har kuni eshitishga odatlangan Gayday filmga ham koʻchirishga ahd qilgandi. Filmda Barzangi rolini „Smena“ jurnalining muhbiri Pleshakov ijro etgan. Muhbir bu epizodda suratga tushishga oʻsha paytlarda juda mashhur boʻlgan Yuriy Nikulindan oladigan intervyusi evaziga rozi boʻlgan. Gayday oʻzining sevimli shoiriga boʻlgan cheksiz muhabbati tufayli teploxodning nomini „Mixail Svetlov“ nomi bilan atashga qaror qilgandi[4].

  1. „Brilliantovaya ruka“ na sayte Leonida Gaydaya
  2. http://sputniknews-uz.com/photo/20161218/4412581/Nikulin-bugun-95yoshga-tolgan-bolar-edi.html
  3. Мария Ческис. „Бриллиант чистой руки“ (ruscha). газета «Наша Версия». ООО «Диалан» (29 сентября 2008). 2012-yil 5-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 30-yanvar.
  4. http://muloqot.uz/blogs/51706/96941/brilliant-qo-l-filmi-haqida-10[sayt ishlamaydi]