Kontent qismiga oʻtish

Dunlop shinalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dunlop shinalari
Turi tire manufacturer
Egasi Goodyear Tire and Rubber Company
Qachon asos solingan 1889
Asoschi(lari) Jon Danlop
Mahsulot(lar)i Avtomobil shinalari

Dunlop shinalari – bir nechta ishlab chiqaruvchilar tomonidan qoʻllaniladigan avtomobil shinalar brendi hisoblanadi. Bu ishlab chiqaruvchilarga Goodyear Tire and Rubber Company, Sumitomo Rubber Industries va Continental AG kiradi. Ushbu brend nomi kelib chiqqan asl kompaniya 1889-yilda tashkil etilgan.

Dunlop SP SPORT LM705W shinalari

1888-yilda shotlandiyalik veterinar Jon Boyd Danlop shishiriladigan shinani ixtiro qildi. U bu shinani dastlab oʻgʻlining uch gʻildirakli velosipedi uchun yaratgan edi. Danlop 1888-yil dekabr oyida patent oldi, biroq ikki yildan soʻng bu patent bekor qilindi. Chunki shunga oʻxshash ixtiro 1845-yilda allaqachon patentlangani maʼlum boʻldi, garchi u amalda qoʻllanilmagan boʻlsa-da. Biroq, uning ixtirosi Irlandiya velosport uyushmasi eʼtiborini tortdi va 1889-yilda ular Pneumatic Tyre and Booth’s Cycle Agency kompaniyasini tashkil etishdi. Bu kompaniyada Danlop aksiyalar paketini va direktorlar kengashida oʻrin oldi. Kompaniyaga Artur dyu Kross rahbarlik qildi. Koʻp oʻtmay, kompaniya nomi Dunlop Pneumatic Tyre Company deb oʻzgartirildi va bosh qarorgohi Dublindan Birmingemga koʻchirildi. 1892-yilga kelib, Yevropa va Shimoliy Amerikadagi bir qator mamlakatlarda vakolatxonalar ochildi, 1893-yilda esa Avstraliyada filial tashkil etildi[1]. 1895-yilda Danlop kompaniya ishlaridan chetlashdi. 1900-yilda kompaniya avtomobil shinalarini ishlab chiqarishni boshladi. 1901-yilda dyu Kros rezina ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan yangi kompaniya – Dunlop Rubber Company’ni tashkil etdi. Seylon va Malayziyada kauchuk plantatsiyalari sotib olindi. Keyinchalik, dyu Kros moliyaviy firibgarlikka aralashib qoldi va 1921-yilda Dunlop Pneumatic Tyre bankrotga uchradi. Uning qolgan aktivlari endi dyu Krosning ishtiroki boʻlmagan holda Dunlop Rubber tomonidan sotib olindi[2].


1909-yilda Dunlop Kobe shahrida Yaponiyaning birinchi shina ishlab chiqarish zavodini qurishni boshladi. Shu yili Yaponiyaning Sumitomo guruhi ushbu korxonada ulush sotib oldi. Keyingi yillar davomida Dunlopning Yaponiya filiali hamda Sumitomo oʻzaro yaqin hamkorlikda ishladi. 1963-yilda Sumitomo kompaniya kapitalidagi Dunlop ulushini toʻliq sotib oldi va korxonani Sumitomo Rubber Industries deb qayta nomladi[3].

1960-yillarning boshida Dunlop poʻlat kordli shinalarning imkoniyatlarini yetarlicha baholay olmadi, 1971-yilda esa Italiyaning Pirelli kompaniyasiga muvaffaqiyatsiz sarmoya kiritdi. Natijada, 1980-yillarning boshiga kelib, bankrotlik arafasida qoldi. 1984-yilda Sumitomo Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyadagi Dunlop zavodlarini sotib oldi. Kompaniyaning oʻzi esa Britaniya sanoat konglomerati shoʻba korxonasiga aylandi[3].

1997-yilda Sumitomo Rubber kompaniyasi Goodyear Tire and Rubber Company bilan Dunlop brendi ostida shinalar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etdi. Ikki kompaniya oʻrtasidagi hamkorlik doirasida Goodyear Dunlopning Britaniya va AQShdagi faoliyatining 75 foizini ham sotib oldi. 2015-yilda ushbu hamkorlik bekor qilindi, bunda Goodyear AQSH va Yevropada Dunlop brendidan foydalanish huquqini oʻzida saqlab qoldi. Sumitomo Rubber mazkur hududlarda bu nomni faqat yapon ishlab chiqaruvchilarining yangi avtomobillari va mototsikllarida qoʻllashi mumkin, shuningdek, uni Osiyo, Janubiy Amerika, Rossiya va MDH davlatlarida ham ishlatadi[4]. Continental AG Malayziyada bu brendni qoʻllamoqda.


  1. „Pacific Dunlop Limited - Company Profile, Information, Business Description, History, Background Information on Pacific Dunlop Limited“ (en). Advameg, Inc.. 2022-yil 10-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 10-sentyabr.
  2. „Du Cros, Sir Arthur Philip, first baronet (1871–1955), industrialist“ (en). Oxford Dictionary of National Biography. 2022-yil 10-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 10-sentyabr.
  3. 3,0 3,1 „History of Sumitomo Rubber Industries, Ltd. – FundingUniverse“ (en). International Directory of Company Histories, Vol. 5. St. James Press, 1992. 2022-yil 9-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 9-sentyabr.
  4. „Goodyear and Sumitomo Rubber Scrap Dunlop Alliance“ (en). Wall Street Journal (2015-yil 4-iyun). 2022-yil 9-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 9-sentyabr.