Furqat
Furqat | |
---|---|
Tavalludi |
Zokirjon Mullo Xolmuhammad oʻgʻli 1859-yil Qoʻqon, Toshkent |
Vafoti |
1909-yil Yorkent |
Fuqaroligi | Qoʻqon xonligi va Rossiya Imperiyasi |
Sohasi | shoir, yozuvchi |
Mashhur ishlari | „Ilm xosiyati“, „Gimnaziya“, „Vistavka xususida“, „Akt majlisi xususida“, „Suvorov“, „Nuh manzar.“ |
Dini | Islom |
Furqat (taxallusi; asl ism-sharifi Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli) (1859, Qoʻqon —1909, Yorkent) — milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri. U shoir va adib, adabiyotshunos va muarrix, elshunos va mutarjim sifatida oʻzidan boy maʼnaviy meros qoldirgan. Shuningdek, Furqat zamonasining mashhur xattotlaridan biri boʻlgan. Yoshligidanoq Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir kabi shoirlar muhitida qizgʻin ijodiy faoliyat bilan mashgʻul boʻlgan. Mahallasidagi maktabda savod chiqargan, mudarris va kotiblardan xattotlik, arab tilini oʻrgangan. 8 yoshida Fariduddin Attorning „Mantiq ut-tayr“ asarini yod oladi. 14 yoshida madrasa talabasi boʻladi. Furqat 1873—1876-yillarda madrasada oʻqigan. Alisher Navoiy ijodini, fors adabiyoti namoyandalari merosini chuqur oʻrgangan, fors tilini mukammal oʻzlashtirgan. 1876-yilda Yangi Margʻilon (hozirgi Fargʻona) shahridagi savdogar togʻasining iltimosiga koʻra u yerga borib, savdo ishlarida unga yordamlashgan, keyinchalik oʻzi ham kichik doʻkon ochgan. Ayni paytda bilimdon ziyoli sifatida kishilarning arz va iltimoslarini rasmiy mahkamalarga arizalar shaklida bitib, mirzalik ham qilgan.
Ijodining boshlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Furqat Yangi Margʻilonda ijodkor sifatida toʻla shakllandi, oʻz gʻazallariga „Furqat“ xallusini qoʻyib, shuhrat qozona boshladi. Bu yerda oʻtkazilgan yillar Furqatning xalqchil dunyoqarashi, ilgʻor adabiy-estetik tushunchalarining shakllanishida ham muhim bir bosqich boʻldi.
80-yillarning boshlarida Furqat Qoʻqonga qaytib, oila quradi va, asosan, ijodiy ish bilan shugʻullanadi. Muqimiy va Muhyi yetakchi boʻlgan Zavqiy, Nodim, Nisbat, Muhayyir kabi ijodkorlar guruhi bilan bevosita muloqotda boʻladi, ular uyushtirib turadigan adabiy majlislar, sheʼriyat kechalarining faol ishtirokchisiga aylanadi.
Furqatning Qoʻqondagi bu davr ijodi tur va mavzu, mazmun va shakl rang-barangligi jihatidan ham, sermahsulligi jihatidan ham diqqatga sazovor. U mumtoz sheʼriyat anʼanalari ruhida koʻplab ishqiy gʻazallar, muxammaslar yaratgan. Alisher Navoiy asarlariga goʻzal nazira va taxmislar bogʻlagan, uning sheʼrlarida ijtimoiy ruh va zamonaviylik tobora keng oʻrin egallay boshlagan („Boʻldi“ radifli muxammasi va boshqa sheʼrlarida). Furqat xalqning siyosiy huquqsizligi va iqtisodiy nochor ahvolidan qaygʻurgan („Ne jurm oʻttiki bizdin, bunchalik Fargʻona tang boʻldi?...“). Qoʻqon xonligining uzil-kesil tugatilib, batamom mustamlakaga aylantirilishi voqeasiga bogʻliq holda yaratilgan: „Demish xon bir kunikim, davru davronlar qayon qoldi?“ misrasi bilan boshlanuvchi muxammasi ham Furqatning shu davrdagi ijodi mahsulidir. Toj-u taxtdan, shaʼn-u shavkat va aʼyonlardan maxrum boʻlgan Xudoyorxon nomidan bitilgan bu asar ham shoir ijodida zamonaviy ijtimoiy mavzu keng oʻrin egallaganining isbotidir.
Ijodiy merosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Furqatning ijodiy merosida anʼanaviy sheʼriy turlar, oʻzbek mumtoz adabiyotidagi asosiy mavzular yetakchi oʻrin egallaydi. Uning gʻazal va muxammaslari, bogʻlagan taxmislari oʻzining hayotiyligi, musiqiyligi, nihoyatda samimiyligi bilan oʻquvchini maftun etadi. Furqat sheʼrlarida ona yurt tabiati va bahor goʻzalligi, joʻshqin sevgi-muhabbat va chin insoniy fazilatlar, hayot shodliklaridan quvonish va turmush tashvishlaridan shikoyat qilish, umuman, odam va olam, kishilarning maʼnaviy dunyosi, mehri va qahri yaqqol tasvirlangan. Masalan, „Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman boʻlsa“, „Umr xush oʻtmas bahor ayyomi sahro boʻlmasa“, „Surmadin koʻzlar qaro, qoʻllar xinodin lolarang“, „Jannatning gullaridan gulzoringiz chiroylik“, „Koʻngul dardigʻa topmay boraman hargiz davo istab“, „Fasli navbahor oʻldi ketubon zimistonlar“ kabi misralar bilan boshlanuvchi gʻazallari, „Etti falak“, „Biri“, „Istar koʻngul“, „Doʻst“, „Kokulung“ radifli muxammaslari, Navoiy gʻazallariga taxmislari davr sheʼriyatining ham gʻoyaviy, ham badiiy jihatdan yetuk namunalari hisoblanadi.
Furqat sheʼriyatida mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, joriy adolatsizlik va zoʻravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, nodonlarning zamonada eʼtibor topib, donolarning xor-zor etilishidan norozilik esda qolarli badiiy boʻyoqlarda tasvirlangan.
„Charx kajraftorning bir shevasidan dogʻmen:Ayshni nodon surub, kulfatni dono tortadur“ kabi barkamol misralar shoir ijodidagi ijtimoiy yoʻnalishni aks ettiradi. „Bormasmiz“ radifli sheʼrida esa oʻzbek milliy ruhiyati badiiy ifodalangan. Mashhur „Sayding qoʻyaber, sayyod...“ musaddasida esa shoir shaxsning erkin yashash huquqini himoya qiladi, zulm va istibdodni qatʼiy qoralaydi.
Furqat xuddi shu yillarda „Xammomi xayol“ risolasini yozadi. „Chor darvesh“ hikoyatini forschadan tarjima qiladi. „Nuh manzar“ nomli sheʼriy kitob yaratadi. „Bulardin boʻlak har xil gʻazaliyotim Fargʻona muzofotigʻa (yaʼni, yon atrof qishloq-shaharlariga) va digar mamlakatlarga muntashir (mashhur) boʻldi“, deb yozadi shoir. Xuddi shu yillarda Furqat ilk bor sheʼrlarini toʻplab, majmua holiga ham keltirgan. Afsuski, shoirning oʻzi qayd etgan risola, manzuma va tarjimalari kabi bu majmua ham shu kunga qadar topilgan emas.
Shoir Toshkent shahrida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Furqat taxminan 1886—1887-yillarda Margʻilonga borib, u yerdagi Masjidi jome hujrasida istiqomat qilgan, yor-u birodarlari koʻmagida kichik doʻkon ochgan boʻlsa-da, asosan, sheʼriyat bilan shugʻullangan, shaharning ziyolilari, jumladan, Xoʻjajon Rojiy, Muhammad Umar Ulshdmy Havoiy, Mulla Toshboltu Royiq kabi ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar qurgan. Furqat ilk bor gazeta bilan tanishib, uning „Toshkent shahrida bosma boʻlgʻon“ ligini shu yerda biladi. Yangilikka chanqoq, taraqqiyparvar shoirda ijtimoiy hayotda yuz bergan oʻzgarishlarga, sekin-asta yoyila borayotgan fan va texnika namunalariga qiziqish uygʻonadi, yangiliklar bilan bevosita tanishish, oʻz koʻzi bilan koʻrish ishtiyoqi zoʻrayadi. 1889-yil boshlarida Toshkent safariga chiqadi, Xoʻjandda toʻxtab, Toshxoʻja Asiriy boshliq shoirlar, adabiyot muxlislari bilan uchrashadi, adabiy kechalarda ishtirok etadi. Nihoyat, 1889-yilning iyunida Toshkentga keladi. Toshkentdagi Koʻkaldosh madrasasi hujralaridan birida yashaydi. Koʻzga koʻringan olim, fozillar bilan tanishadi. Sharifxoʻja eshon tavsiyasi bilan maʼlum muddat „Farhat“ (shodlik, xursandlik) taxallusida sheʼrlar yozadi, lekin koʻp oʻtmay, eski taxallusiga qaytadi.
Furqat Toshkentda rus ziyolilari, yevropacha hayot tarzi bilan tanishdi. Chor maʼmurlari shoirning teatr, gimnaziyaga, turli konsertlarga kiritishni uyushtirdilar, koʻrgazmalarga olib bordilar. Yangi tarixiy sharoit tufayli yuz bergan oʻzgarishlarni mushohada etish natijasida Furqat dunyoqarashida jiddiy oʻzgarish boʻladi va bu hol uning ijodida oʻz badiiy ifodasini topadi — maʼrifatparvarlik, yevropacha ilm-madaniyat, fan-texnikaga xayrixohlik shoir sheʼrlarining yetakchi gʻoyasiga aylana boradi. Bu esa Furqatning koʻp asrli oʻzbek adabiyotiga yangi mavzular, yangi gʻoyalar olib kirishiga zamin boʻldi. Toshkentda ochilgan erlar gimnaziyasi, maorif muassasalari, madaniyat va sanʼat oʻchoqlarini, tobora koʻproq kirib kelayotgan fan-texnika yangiliklarini kuzatish oqibatida uning „Ilm xosiyati“, „Gimnaziya“, „Vistavka xususida“, „Akt majlisi xususida“, „Toshkent shahrida boʻlgʻon nagʻma bazmi xususida“, „Suvorov“ va boshqa asarlari maydonga keldi va ularning barchasi 1890-yillarda Turkiston viloyatining gazetasida chop qilindi.
Bu turkum asarlarida Furqat yangilik va taraqqiyotning, ilm-fan va yevropacha maorif-madaniyatning targʻibotchisi sifatida namoyon boʻladi; oʻz vatandoshlarini zamonaviy bilimlarni puxta egallashga va ilgʻor xalqlar qatoridan oʻrin olishga daʼvat etadi. Biroq Furqat ayrim zamondoshlari singari rus istilochilik siyosatining asl mohiyatini birdaniga anglay olmadi. Rus, Yevropa madaniyatparvarligi orqasida mahalliy ruslashtirish siyosati pinhon ekanligini soʻngroq tushunib yetdi. Xuddi shu yillarda yaratilgan „Shoir ahvoli va sheʼr mubolagʻasi xususida“ asarida Furqat ijodkor va badiiy adabiyot xususida ran ochib, sheʼriyatda realistik tasvir masalasini koʻtardi.
Publitsist sifatidagi faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Furqat haqli ravishda oʻzbek publitsistikasining asoschilaridan biri hisoblanadi. Furqatning publitsist sifatidagi faoliyati 1890-yildan boshlandi. „Turkiston viloyatining gazeti“ ga rasman ishga kirdi, gazetani tayyorlashda bevosita qatnashdi. Bir yildan koʻproq vaqt mobaynida Sattorxon kabi ilgʻor maʼrifatparvarlar bilan hamkorlikda ishlab, gazeta sahifalarida oʻz maqolalarini eʼlon qildi. Masalan, 1891-yil 1-yarmida „Xoʻqandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. Oʻzi yozgoni“ publitsistik asarini yozib, shu gazetada eʼlon qildi. 1891-yil mayda Samarqandga bordi, osori atiqalar bilan tanishdi, gazetaga xabarlar yoʻlladi, keyin Buxoroda boʻldi. Iyulda esa chet el sayohatiga chiqdi. Uning chet elga sayohati haqida turli taxminlar bor. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, u atayin qaytib kelmaydigan qilib oʻz yurtidan chiqarib yuborilgan. Xullas, 1891-yilning iyulida Marv—Ashxobod—Boku—Batumi orqali Istanbulga bordi. Doʻstlariga yozgan maktublarida, voqealarni oldindan bilgandek, vatanidan bir umr ajralib qoladigan odamning kayfiyatini aks ettirdi. Masalan, Istanbuldan yozgan „Sabogʻa xitob“ sheʼriy maktubida vatan ishtiyoqi, doʻstlar sogʻinchi, gʻurbat azoblari va yolgʻizlik motivlari birinchi oʻringa chiqqan.
-- Shoir sayohati == Furqat Istanbuldan Bulgʻoriya va Yunonistonga oʻtdi. Bolqon yarim orolining qator shaharlarida boʻldi. 1892-yilning martida Istanbuldan Oʻrta dengiz orqali Arabistonga — Makka, Jidda, Madina shaharlariga bordi. Makkadagi haj ziyorati munosabati bilan „Hajnoma“ asarini yaratdi. Soʻng Bombayga keldi, Hindistonning qator viloyatlariga sayohat qildi. Uning bu davrda yozgan nasriy va nazmiy maktublarida tushkunlik, ona yurt sogʻinchi va iztiroblari aks etgan. „Adashganman“ radifli hamda „Kashmirda“, „Bulbul“ deb nomlanuvchi lirik sheʼrlar turkumi shu jihatdan oʻziga xos hijronnomadir. 1893-yil martida Furqat Kashmir va Tibet orqali Sharqiy Turkistonga borib, Yorkentda turgʻun yashab qoldi. Oila qurdi. Tabiblikdan xabardor boʻlgan shoir dorivor oʻsimliklar bilan savdo qiluvchi doʻkon ochdi, ijodiy ish va xattotlik bilan shugʻullandi. Furqat doimo Vataniga qaytish umidi bilan yashadi. Avval boshlagan „Sayohatnoma“ asari ustidagi ishni Yorkentda davom ettirdi. Lekin bu asar hanuz topilgani yoʻq. U yerdan Toshkentga publitsistik asarlar, turli mavzudagi xat-maqolalar, Fargʻona va Toshkentdagi yor-doʻstlariga maktublar yoʻllab turgan. Furqat oʻzbek matbuoti tarixida felyeton janrini boshlab berdi („Hind nayrangbozi Yorkendda“, 1905).
Barkamol lirikasi, jozibali nasri va publitsistikasi bilan 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Furqat ona vatanidan uzoqda vafot etdi. Uning jasadi Yorkentning Dongdor qabristoniga koʻmilgan. 1990-yil shoir qabri ustiga maqbara qurilgan.
Xotira
[tahrir | manbasini tahrirlash]Furqatning sheʼrlari kitob holida dastlab 1913-yilda Muqimiy sheʼrlari bilan birga bayoz holida toshbosmada bosilgan edi, 50–80-yillarda koʻp bor nashr etildi. Shoir hayoti va ijodi haqida qator ilmiy asarlar yozildi, dissertatsiyalar yoqlandi, opera librettosi, kinossenariy va boshqa yaratildi. Oʻzbekistondagi bir qator qishloq, tuman, maktab, koʻcha va xiyobonlar, bogʻlar uning nomi bilan ataladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Furqat va Muqimiy haqida maqolalar, T., 1958;
- Abdugʻafurov A. Zokirjon Furqat. T., 1977.
- Rasul Xolid, Furqat. Tanqidiy biografik ocherk. T., 1959.
- Yusupov Sh. Furqat yoʻllarida. T.: Adabiyot va sanʼat, 1984.
- Yusupov Sh. Oʻzbek maʼrifatrarvarlik adabiyoti va Furqat. T., 1992.
- Yusupov Sh. Xudoyorxon va Furqat. T.: Sharq, 1997.
- N.Jabborov. „Jahon basti kushodi ilm birla…“, (Furqat hayoti va ijodining xorijda oʻrganilishi) Jahon adabiyoti, 2001, 8-son, 122–129-betlar.
- N.Jabborov. Furqat nega Furqat? Yoshlik, 2001, 5-6 son. 39–41-betlar.
- N.Jabborov, Furqat merosi va Xitoy manbalari, Sharq yulduzi. 2001, Ikkinchi fasl, 121–127-betlar.
- N.Jabborov, Furqat sheʼriyatida Qur’oni karim oyatlarining talqini. Imom al-Buxoriy saboqlari, 2000, 2-son, 138–139 betlar.
- N. Jabborov, Furqat „Tanlanma asarlar“ning Shinjong nashri xususida. Oʻzbek tili va adabiyoti, 2001, 5-son,61–64-betlar.
- N. Jabborov, Vatan ishtiyoqin tortaram. Tafakkur, 2002, 1-son, 48–57-betlar.
- N. Jabborov, Tiramohda bahor orzusi. Yoshlik, 2002, 3-son.
- N. Jabborov, Furqat istilochini maqtaganmidi? Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. 2002-yil 22-fevral.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Furqat. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1959.
- Furqat. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1980.
- Furqat. Asarlar majmuasi. Ikki jildlik (arab imlosida). Toshkent, 1990.
- Sayohati Furqat. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 1990-yil 14-dekabr.
- Furqat. Qavoidi Chin va umuroti siyosiy. Sharq yulduzi, 2001, Ikkinchi fasl.
- Tanlangan asarlar, 2 j.li, T., 1959; Asarlar majmuasi [2 j.li], T., 1991.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |