Kontent qismiga oʻtish

Xoja Mir Muhammad Salim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Hoji Mir Muhammad Salimdan yoʻnaltirildi)

Xoja Mir Muhammad Salim, Muhammad Rustam sulton oʻgʻli (17-asr oxiri – 18-asrning 1-yarmi) – tarixchi olim. Ashtarxoniy sultonlar oilasida tugʻilgan. Ubaydullaxon II oʻldirilgach (1711), haj qilish bahonasi bilan Arabistonga joʻnagan. Haj marosimidan keyin boburiylardan Nosiruddin Muhammadshoh (hukmronlik davri 1719—48) xizmatiga kirgan. Nosiruddin Muhammadshohning topshirigʻi bilan u 1731-yilda fors tilida „Silsilat as-salotin“ („Podsholar silsilasi“) tarixiy asarini yozgan. Asar muqaddima va 4 qismdan iborat. Asarning 3—4-qismlari alohida qimmatga ega boʻlib, Buxoro xonligining 16— 18-asr 1-choragi tarixini oʻz ichiga oladi. Asarda Buxoro xonlari va Dinmuhammadxonning Hindiston, Turkiya va Eron hukmdorlari bilan yozishmalari (20 ta maktub) matni keltirilgan. Shuningdek, asarda ulus tizimi, soliqdar, Oʻrta Osiyo shaharlari, aholisi va urfodati haqida kimmatli maʼlumotlar bor. Bu asarning qoʻlyozmasi Bodli kutubxonasi (Angliya)da (inv. № 269) saqlanadi.

  • Ahmedov B. A., Oʻzbekiston xalqlari tarixi manbalari, T., 1991.