Kontent qismiga oʻtish

Kuya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kuya, kuyalar (Tineidae) – kapalaklar turkumiga mansub hasharotlar. Turliqanotlilar (Frenata) kenja turkumining 70 dan ortiq oilasini oʻz ichiga oladi. Qanotlari ensiz, yozilganda 1–5 sm, oldingi qanotlari orqa qanotidan kattaroq boʻlishi, koʻpincha boshida tikkayib turgan tangachalarining borligi bilan ajralib turadi. 2000 dan ortiq turi mavjud, jumladan, Oʻrta Osiyoda 35–40 dan koʻp turi uchraydi. Bir qancha turlari turar joylarda, omborlarda yashaydi. Kuya orasida zararkunandalari koʻp. Kapalagi qoʻygan tuxumdan chiqqan qurt (lichinka)lari zarar keltiradi. Haqiqiy kuyalar oilasiga mansub zararkunandalardan poya kuyasining qurtlari bugʻdoy va javdar oʻsimligi poyalarini, ombor kuyasining qurtlari don, meva qoqilari, pustin kuyasi va kiyimlari jun, junli matolar, moʻyna va boshqalarni zararlaydi; toʻrvali kuya, girdak kuya, meva kuyasi olma, nok, doʻlana, oʻrikning rivojlanayotgan kurtaklari, keyinchalik barglari bilan oziqlanib katta ziyon keltiradi. Karam va butguldoshlarga mansub boshqa oʻsimliklarga karam kuyasi katta zarar keltiradi. Bu kuyani baʼzi olimlar mustaqil oila deb hisoblaydi. Qanotli kuyalar oilasining vakili – gulxyri kuyasi paxtaning ashaddiy zararkuvandasi; bu oilaga yana don kuyasi, shuningdek, karantin nazoratidagi gʻoʻza hamda kartoshka K.lari ham kiradi.

Euplocamus anthracinalis

Kurash choralari: uy-roʻzgʻorda uchraydigan kuyaga vaftalin, karam kuyasiga 40% li ripkord (0,1 l/ga), 20% li sumitsidin(0,3 l/ga) yoki fozalon qoʻllash; don kuyasiga qarshi donni 25% li amboʻsh (1,2 g/m2) yoki metil yoki metil bromid bilan dorilash[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil