Kontent qismiga oʻtish

Lola

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Lola

Boğ lolasi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Oʻsimlik
Sinf: Bir pallali oʻsimliklar
Turkum: Koʻp yillik oʻsimliklar
Oila: loladoshlar
Xalqaro ilmiy nomi
lotincha: Tulipa
Areal

tabiiy
joriy

Lola (Tulipa) – loladoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻsimliklar turkumi, manzarali ekma gul. Yer yuzida uning 1400 ga yaqin, jumladan, Yevrosiyoda 100 dan ortiq, Oʻrta Osiyoda 64 turi tarqalgan. Lolalar piyozli bahoriy oʻsimlik hisoblanadi, gulchilikda muhim ahamiyat kasb etadi. Koʻpgina mamlakatlar qatorida Niderlandiyada va Oʻrta Osiyoda lola koʻproq yetishtiriladi. Oʻzbekistonning adir va togʻlarida lolaning yovvoyi 25 turi oʻsadi. Lolaning qizil L (T. greigii) va targil lola (T. fosteriana) xili gullarining yirik va nafisligi bilan boshqa lolalardan farq qiladi. Seleksionerlar yaratgan navlar soni hozirgi vaqtda bir necha mingdan ortiq.

Tog lolasi
Tog lolasi

Oʻzbekiston FA Botanika bogʻida 60 ga yaqin xili oʻstiriladi.

Toshkentda gullagan lola (2022-yil mart)

Qizil rang lolaning turli tuslilari: och qizildan, qora qizilgacha, shuningdek, sariq, targʻil, binafsha va boshqa xillari uchraydi. Piyozi tuxumsimon, rombsimon, sharsimon, diametri 2,5—4 sm, Poyasi 20— 30, baʼzan 50 sm gacha. Barglari 2—3 ta, choʻziq. Tojbarglarining uzunligi 8 sm. Mevasi koʻsakcha, eni 1,5—2 sm, uz. 3— 6 sm. Lola, asosan, adirlar, toshli va chagʻir toshli qiyaliklarda yaxshi oʻsadi. Urugʻi hamda piyozidan koʻpaytiriladi (piyozidan koʻpaytirilganda erta gul beradi). May – iyunda gullaydi. Iyun – iyul oyining oxirlarida piyozi qazib olinib, 22—25° haroratda quritib saqlanadi, soʻngra harorat 12—13° ga pasaytiriladi. Sentabr-oktabr oylarida piyozi 8—15 sm chuqurlik qazilib ekiladi.

Oʻrta Osiyoda tabiiy lolalar Qoraqum va Qizilqum choʻllaridan to Pomir-Olay hamda Tyanshan togʻlari mintaqalardagi turli iqlim va tuproq sharoitida oʻsadi. Dunyoga mashhur eng nafis madaniy lolalarning (Gollandiya lolalari) aksariyat qismi Oʻrta Osiyo lolalari zaminida yaratilgan. Oʻzbekiston FA Botanika bogʻida lola oʻstirish hamda yovvoyi va madaniy turlaridan yangi navlar yetishtirish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. Oʻzbek milliy urf-odatlarida lolalar qadimdan eʼzozlanadi (qarangLola sayli)[1].

Lola gullarining rangi turlicha boʻladi, faqat sof koʻk rangli lola boʻlmaydi. Koʻkka yaqin binafsha ranglilari uchraydi[2]. Lola gullari nektarsiz boʻlib, hid tarqatmaydi. Gollandiyaliklar lolalarning bu hususiyatini alohida qadrlab fazilat deb bilishgan. Ularning nazdida hidsiz gullar pokizalik belgisi hisoblangan. Seleksionerlar lolalarning asosan ranglari boʻyicha yetishtirishni yoʻlga qoʻygan boʻlib, ular chatishtirish orqali turli ranglarda gullar hosil qilishga erishgan. Ammo qora rangli lolani yetishtirish tarixiy davrlardan buyon qiyin boʻlgan. Tun malikasi deb ataladigan qora rangli lola boshqa gullar kabi koʻrinishga ega, faqat gultojbarglari rangi toʻq va yaltiroq qizgʻish-binafsha ekanligi uni qora rangda koʻrsatadi. Bu turdagi lola gollandlar tomonidan qadrlanadi[3]. Qora lola birinchi marta 1986-yilda Bovenkarspel shahrida gollandiyalik gul yetishtiruvchi tomonidan yaratilgan. Buning uchun u ikkita toʻq binafsha rangli lolalani oʻzaro chatishtirgan[4].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „King 2005,“. Qaraldi: 164.
  3. Pollan, Michael (2002) „The Botany of Desire.“.
  4. United Press International Archives „"World's first black tulip grown in Holland"“. Qaraldi: 2019-yil 18-aprel.