Kontent qismiga oʻtish

Mahmud Yalavoch

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mahmud Yalavoch, Mahmud Xorazmiy (?— 1254, Pekin) — Chingizxon xizmatida boʻlgan turkiylarning yalavoch urugʻiga[1] mansub xorazmlik savdogar.

Chingizxon tomonidan Muhammad Xorazmshoh huzuriga elchi boʻlib kelganligi uchun yalavoch (elchi) laqabi bilan mashhur. Mahmud Yalavoch qoraxitoylar xizmatida ham boʻlgan (1211). Chingizxon savdo-sotiqqa katta eʼtibor berib, karvon yoʻllarining bexatarligini taʼminlash bilan birga musulmon savdogarlariga hurmati baland boʻlgan. Shu tufayli Moʻgʻulistonga kelib savdo qilganlar orasida Buxoro, Samarqand, Oʻtror, Xoʻjand kabi shaharlardan kelganlar koʻpchilikni tashkil qilgan.

Ular orasida Mahmud ham boʻlgan. 1218-yil bahorida Chingizxon uni buxorolik Alixoʻja (Ali xochje), oʻtrorlik Yusuf Jahongir (Yusufu-Jyanke) hamroxligida Muhammad Xorazmshoh saroyiga elchi (yalavoch) qilib yuborgan. Safar oldidan Chingizxon ularga katta miqdorda sovgʻasalomlar va oʻz maktubini topshiradi. Maktubda Chingizxon Xorazmshohni "oʻgʻlimdek yaxshi koʻraman" deb taʼkidlab uni itoatga chaqirgan. Mahmud Yalavoch boshchiligidagi elchilar Buxoroda Muhammad Xorazmshoh bilan uchrashib, unga Chingizxonning sovgʻalar va maktubini topshirganlar. Xorazmshoh mak-tubni oʻqigach, bironta soʻz aytmay, kelgan elchilarni kuzatib qoʻyishni buyurgan.

Moʻgʻullar istilosidan soʻng Mahmud Yalavoch Xoʻjandga koʻchib kelib, bir necha vaqt Chingizxon nomidan Movarounnaxrni idora qilgan, viloyatlarni boshqarishda bosqoqpshk mansabini joriy etgan. Shunga kura, u yigʻilgan soliqlarni Chigʻatoyxoyaga emas, balki toʻgʻridan toʻgʻri Chingizxon saroyiga yuborib turgan. Bu hol Chigʻatoyga yoqmas edi, chunki otasi unga suyurgʻol qilib bergan hududga M. Ya. hokimlik qilgan joylar ham kirar edi. Bundan tashqari, Chigʻatoy budda diniga eʼtiqod qilgani tufayli M.Ya.ning islom diniga qattiq amal qilib, buzil gan shahar va uy-joylarni, iqtisodiy va madaniy hayotni tiklashiga, maktab va madrasalar qurilishiga katta eʼtibor berishiga qarshi boʻlgan.

Shu tufayli Chigʻatoy Mahmud Yalavochdan qutulish yoʻlini axtarib, fursat poylagan. 1227-yil Mahmud Yalavochni qoʻllab-quvvatlab turgan Chingizxon vafot etgan. 1238-yil Buxoroda Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni boʻlgan. Chigʻatoy qoʻzgʻolonda Mahmud Yalavochni aybdor deb topib, uni javobgarlikka tortish uchun Xitoyga joʻnatgan.

Xitoy manbalarida Mahmud Yalavochni Torobiy qoʻzgʻolonining sababchisi sifatida javobgarlikka tortilgani yoki tortilmagani haqida maʼlumot yoʻq. Yuan sulolasi tarixida koʻrsatilishicha, Oʻqtoyxon hukmronligining soʻnggi yili, yaʼni 1241-yil 10-oyida M. Ya.ga Xitoy aholisining maʼmuriy ishlarini boshqarish vazifasi yuklatilgan. Guyukxon (1246—48) va Munke (1251 — 59) davrida ham Mahmud Yalavoch yuqori lavozimni saqlab qolgan. Xususan, 1251-yil u Pekin shahriga hokim etib tayinlangan. Xitoy manbalarida M. Ya. Gʻarbiy oʻlkalar (Oʻrta Osiyo va Sharqiy Turki-ston)ni boshqaruvchi bosh nozir sifatida eslatib oʻtilgan. Mahmud Yalavoch Pekinga qisqa muddat hokimlik qilgan boʻlsada, shahar qurilishi va obodonchiligi yoʻlida katta ishlarni amalga oshirgan va unga koʻplab turkistonliklarni jalb qilgan.

Mahmud Yalavochning kichik oʻgʻli Alibek (? — 1281) Sharqiy Turkistonning Ili viloyati hokimi etib tayinlangan. Xubilay moʻgʻullar ulugʻ qooni etib tayinlanganda (1260) u markaziy oʻrdaga chaqirtirilib, davlat ishlariga jalb etilgan. 1267-yil — maslahatchi, 1272-yil oʻng qoʻl vazir etib tayinlangan. Shunda unga Xenan oʻlkasining maʼmuriy ishlar boshligʻi vazifasi topshirilgan. 1276-yil u Jyangxuey oʻlkalari hokimi etib tayinlangan. Biroq 1281-yil boshida Alibek tuhmat balosiga uchrab, xoqon amriga xiyonat qilganlikda ay-blanib qatl etilgan.[2]

  • Sagdullayev A. va boshqa, Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1qism, T., 2000.
  1. Аристов Н. А. Труды по истории и этническому составу тюркских племен / Отв. ред. акад. В.М. Плоских. — Бишкек: Илим, 2003, С. 185.
  2. Xoʻjayev, Abdulahad. "Yalavoch Mahmud" OʻzME. Ya-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil