Shovot tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Xorazm viloyati |
Maʼmuriy markazi | Shovot |
Asos solingan sanasi | 1926-yil |
Hokim | Kuryazov Kadambay Roʻzmatovich [1] |
Rasmiy tili | Xorazmcha |
Aholi (2022) | 174,352 [2] |
Zichligi | 296,1 kishi./km² |
Millatlar tarkibi | Oʻzbeklar - 98,5% |
Dinlar tarkibi | musulmonlar |
Maydoni | 0,46 km² |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Rasmiy sayti | http://xorazm.uz/eng/districts_and_cities/ |
Xaritada | |
41°39′36″N 60°17′24″E / 41.66000°N 60.29000°E |
Shovot tumani – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Janubidan Qoʻshkoʻpir tumani, janubi-sharqdan Urganch tumani, sharqdan Yangibozor tumani, shimoli-sharqdan Gurlan tumani, shimoliy, shimoli-gʻarb va gʻarbdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 0,46 ming km2. Aholisi 164,300 kishi (2018). Tumanda 1 shaharcha (Shovot), 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshmertan, Boʻyrachi, Ijtimoiyat, Katqalʼa, Xitoy, Chigʻatoyqalʼa, Choʻqli, Shovotqalʼa, Oʻzbekiston, Qangʻli, Qiyot) bor. Markazi – Shovot shaharchasi.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shovot tumani toponomikasinng kelib chiqishi tarixi aniq. u Xorazm viloyatidagi Shovot kanalining nomidan olingan. Anushaxon 1681-1682 yillarda Xonqa qal’asidan 7-8 kilometr yuqoridan Amudaryodan oqib keladigan 160 kmlik kanal qazdiradi. Aholi unga Shoh obod kanali deb nom beradi. Shovotlik ijodkor bahrom Roʻzimuhammadning fikriga koʻra Shovot atamasi Samarqand viloyatidagi ayrim hududlarda suvga tushmoq degan maʼnoda ishlatiladi deydi[3]. Shovot soʻzi Shohobod soʻzining mahalliy shevadagi talaffuzi oqibatida paydo boʻlgan. Tuman nomi Shohobod kanali va Shohobod qal’asi nomi bilan bogʻliq[4]. S.Qorayevning fikriga koʻra Shohobod kanali dastlab Purfayz yaʼni serfayz deb atalgan. Pyrfayz atamasi abjad yil hisobi boʻyicha kanal qurilgan yilni ham eslatib turadi[5]. Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati kitobida shohning, shoh laqabli kishining qishlogʻi deya talqin qilingan[6].
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman hududi viloyatning shimoli-gʻarbida, Shovot kanalining sohilida joylashgan. Relyefi, asosan, tekislikdan iborat, shimoliga tomon pasayib boradi. Iqlimi keskin kontinental. Yozi quruq, issiq, qishi sovuq. Yillik oʻrtacha harorati 10 °C, yanvarning oʻrtacha harorati —6 °C, eng past harorat – 32 °C, iyulning oʻrtacha harorati 27 °C, eng yuqori harorat 45—46 °C. Vegetatsiya davri 200—210 kun. Yiliga 87-89 mm yogʻin tushadi. Tuman hududidan Shovot kanali oqib oʻtadi. Dovdon, Yormish, Udachi, Begyop kabi kanallar ham bor. Tuprogʻi, asosan, shoʻr tuproq. Qum tuproqlar ham uchraydi. Zax suvlar oqiziladigan Gʻozovot Dovdon kollektori tumanning janubi-gʻarbidan, Shovot kollektori shimolidan oʻtadi. Yovvoyi oʻsimliklardan yulgʻun, turangʻil, oqbosh, yantoq, ajriq, yakan, qamish, chechak, shoʻra va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan quyon, boʻrsiq, tipratikan, chiyaboʻri, tulki, qobon, ondatra, sudraluvchilar; qushlardan tustovuq, kaptar, bedana, bulbul, oʻrdak, chagʻalay bor.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi 136,200 kishi (2008), tuman aholisining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 296,1 kishidan toʻgʻri keladi. Tuman aholisining asosiy qismini oʻzbeklar (98,5 %), shuningdek, qozoqlar, turkmanlar, tatarlar, ruslar, koreyslar, qoraqalpoqlar va boshqalar millat vakillari tashkil qiladi.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Shovot tumanida faoliyat koʻrsatayotgan 900 dan ziyod korxonadan 82 tasi yirik, 17 tasi oʻrta, 76 tasi kichik korxona, 742 tasi mikrofirmalardir. Sanoat korxonalaridan paxta tozalash, podshipnik zavodlari, un kombinati ishlab turibdi. Charm mahsulotlari fabrikasi, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, „Semurgʻ“, Oʻzbekiston-Germaniya „Shovotteks“ qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatadi.
Tuman qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi – paxtachilik. Shovot tumanidagi 25,7 ming ga ekin maydonining 11,4 ming ga yeriga paxta, 9,3 ming ga yeriga don, 368 ga yeriga kartoshka, 799 ga yeriga sabzavot ekiladi, shuningdek, ozuqa, poliz ekinlari ham yetishtiriladi. Tumanda 11 shirkat, 585 fermer xoʻjaligi mavjud. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 49,5 ming qoramol (shu jumladan, 17,6 ming sigir), 18,2 ming qoʻy va echki, 137,2 ming parranda boqiladi (2004).
Ijtimoiy soha
[tahrir | manbasini tahrirlash]2003/04 oʻquv yilida tumandagi 51 umumiy taʼlim maktabi (shu jumladan, 1 litsey)da 31,8 mingga yaqin oʻquvchi taʼlim oldi. Bolalar musiqa, sport maktablari, 4 kasb-hunar kolleji faoliyat koʻrsatadi. 45 kutubxona (350 ming nusxa asar), 16 madaniyat uyi, Komiljon Otaniyozov nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻi, Zarif Ramatov nomidagi muzey, „Motamsaro ona“ yodgorligi bor.
Shovot tumanida 7 stadion (shu jumladan, markaziy stadion), 46 sport zali, futbol, voleybol, basketbol maydonlari va boshqalar sport inshootlari mavjud. 3 kasalxona (shu jumladan, bolalar kasalxonasi, markaziy kasalxona, 534 oʻrin), 4 tish davolash punktlari, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 feldsherakusherlik punkti, 15 qishloq vrachlik punkti, poliklinika, tugʻruqxona, dorixona va boshqalar tibbiy muassasalarda 270 vrach (har 10 ming kishiga 21,6 vrach) ishlab turibdi. „Obi hayot“, „Shovot“ sanatoriylari faoliyat koʻrsatadi.
Shovot—Toshkent yoʻnalishida yoʻlovchilar tashuvchi poyezdlar qatnaydi. Tuman avtomobil va temir yoʻllar orqali Qoraqalpogʻiston, Turkmaniston va Rossiya bilan bogʻlangan. Shovot—Urganch yoʻnalishida avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.
Shovot tumanida Vayangonbobo (1—4, 9—14-asrlar), Kat-qalʼa (mil. av. 1-asr), Tuproqqalʼa (mil. av. 1-asr) arxeologiya yodgorliklari; Vayangonbobo maqbarasi (15-asr), Yusuf Hamadoniyning ramziy maqbarasi bor. 1932-yildan „Shovot istiqboli“ tuman gazetasi nashr etiladi (adadi 1000).
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Shahar va tumanlar hokimlari
- ↑ [1]
- ↑ Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.
- ↑ OʻZBEKISTON JOY NOMLARINING IZOHLI LUGʻATI. Toshkent. 2022
- ↑ Toponimika. S.Qorayev. Toshkent. 2006.
- ↑ Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati. Toʻra Nafasov, Vazira Nafasova. Toshkent. 2007.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |